Sharof Rashidov ilmiy-ma’rifiy yodgorlik uy-muzeyi yilning yakunlari yasamoqda
Oʻtayotgan yili Sharof Rashidov ilmiy-maʼrifiy yodgorlik uy-muzeyiga 1500 dan ortiq kishi tashrif buyurdi.
2023-yilda Sharof Rashidov ilmiy-ma’rifiy yodgorlik uy-muzeyida o‘qituvchilar uchun brifinglar, maktab o‘quvchilari va talabalar bilan uchrashuvlar, mehnat faxriylari bilan video suhbatlar yozib olish tashkil etildi. Yil davomida muzeyga: Jizzax shahridagi 700 dan ortiq maktab oʻquvchilari va 400 dan ortiq turli oliy oʻquv yurtlaridan talabalar, har xil tashkilotlarning 70 dan ortiq xizmatchilari va 70 dan ortiq rahbar va xodimlari, 120 ga yaqin sanatoriylarda dam oluvchilar, O‘zbekistonning turli shaharlaridan 150 dan ortiq tashrif buyuruvchilar, shuningdek, xorijiy sayyohlar tashrif buyurishdi.
Yil davomida uy-muzeyda obodonlashtirish va inventarizatsiya ishlari olib borildi. Dekabr oyida esa uy-muzeyi Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi grantini yutib olib, 5 kVt quvvatga ega tarmoq quyosh elektr stansiyasini o‘rnatib, ekologik toza elektr energiyasi manbaiga o‘tdi.
Uy-muzey ishi 2024-yil 8-yanvardan tiklanadi. Sharof Rashidov ilmiy-maʼrifiy yodgorlik uy-muzeyi jamoasi barchangizni kirib kelayotgan Yangi 2024-yil bilan chin qalbdan tabriklab, sizlarga sogʻlik, ravnaq va farovonlik tilaydi!